Nima uchun demo hisobdagi foyda real foydani kafolatlamaydi?
Demo hisobdagi muvaffaqiyatli savdo va/yoki ijobiy bektest natijalari savdo strategiyasini tushunish va amaliyotda qo‘llashda muhim bosqich bo‘lishi mumkin. Biroq, ular real hisobda muvaffaqiyatni har doim ham kafolatlamaydi. Bektesting sharoitida olingan natijalar treyderning real pul bilan bozorda ishlashda oladigan natijalaridan farq qilishi mumkinligining bir qancha sabablari bor. Keling, ushbu sabablarni batafsil ko‘rib chiqamiz.
1. Psixologik omillar
Demo hisobda savdo qilish real riskni talab qilmaydi, shu sababli real pul bilan ishlashda yuzaga keladigan psixologik bosim mavjud bo‘lmaydi. Real savdoda treyder kuchli hissiyotlarga duch keladi: yo‘qotish qo‘rquvi, ochko‘zlik, omadsizlikdan keyin qayta yutib olish istagi va hokazo. Strategiya demo hisobda mukammal ishlab chiqilgan bo‘lsa ham, ushbu omillar qaror qabul qilish jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Real risk bosimi ostida treyderlar strategiyadan chetga chiqadi, bitimlarni erta yopadi, ayrim savdolarni o‘tkazib yuboradi yoki aksincha, qoidalarga amal qilmasdan bozorga kiradi va umumiy natijalarni yomonlashtiradi.
2. Savdo shartlaridagi farqlar
Demo hisobda orderlar odatda bir zumda va bitim ochilgan paytda ko‘rsatilgan narxda bajariladi. Biroq real bozorda likvidlik va volatillik sababli sirpanishlar (order rejalashtirilgan narxdan boshqa narxda bajarilishi) va kechikishlar yuz berishi mumkin. Shu bilan birga, spred (sotib olish va sotish narxi o‘rtasidagi farq) bozor sharoitiga qarab o‘zgarishi mumkin. Ushbu omillar, ayniqsa yuqori chastotali savdo yoki skalping kabi aniq kirish va chiqish nuqtalari muhim bo‘lgan strategiyalar natijalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, muhim iqtisodiy yangiliklar e’lon qilinganda, likvidlik kamayishi tufayli spred kengayadi, bozor orderlarining bajarilishi esa yetarli likvidlik yo‘qligi sababli ko‘pincha sirpanishga olib keladi. Bunday davrlar uchun bu odatiy holat. Aytgancha, shunga o‘xshash holatlar svop (rollover) vaqtida ham kuzatiladi.
3. Bektestingda tarixiy ma’lumotlarning cheklanganligi
Bektesting tarixiy ma’lumotlarga asoslanadi, biroq vaqt o‘tishi bilan bozor o‘zgaradi: makroiqtisodiy omillar, siyosiy voqealar va ishtirokchilarning xatti-harakatlari bozor dinamikasiga doimiy ta’sir ko‘rsatadi. Muayyan bozor sharoitida ishlagan strategiya boshqa sharoitlarda kamroq samarali yoki hatto zarar keltirishi mumkin. Masalan, tinch bozor sharoitida yaxshi ishlagan strategiya COVID-19 pandemiyasi davridagidek yuqori volatillik sharoitida samarasiz bo‘lishi mumkin. Aslida bektesting o‘tmishdagi bozorni sinovdan o‘tkazish bo‘lib, kelajakdagi o‘zgarishlarni hisobga olmaydi.
4. Haddan tashqari optimallashtirish
Ko‘plab treyderlar tarixiy ma’lumotlarga moslashtirilgan «mukammal» parametrlardan foydalanadilar, bu esa haddan tashqari optimallashtirishga sabab bo‘ladi. Ushbu hodisa «overfitting» deb ataladi. O‘tmishda yaxshi natija bergan, biroq kelajakdagi ma’lumotlarda takrorlanmaydigan muayyan sharoitlarga moslashtirilganligi sababli muvaffaqiyatsizlikka uchragan strategiya overfitting deb ataladi.
5. Bozor tuzilmasidagi o‘zgarishlar
Demo hisoblarda odatda real bozordagi cheklovlar mavjud bo‘lmaydi, masalan, yirik hajmlar uchun likvidlik tanqisligi yoki muayyan vaqt nuqtalarida orderlarni bajarish imkoniyati yo‘qligi. Real bozorda tuzilma boshqa ishtirokchilarning xatti-harakatlariga qarab o‘zgarishi mumkin, yirik o‘yinchilar (masalan, market-meykerlar yoki xedj-fondlar) esa likvidlikni boshqarishi, sun’iy narx to’siqlarini yaratishi va narx harakatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bularning barchasi rejalarni buzishi va demo hisobda ko‘rsatilgan strategiya natijalarini yomonlashtirishi mumkin.
6. Moliyaviy xarajatlar
Demo hisob ko‘pincha treyder real hisobda duch keladigan barcha moliyaviy xarajatlarni hisobga olmaydi. Bularga broker komissiyalari, spredlar, soliqlar, ma’lumotlar yoki signal xizmatlari uchun qo‘shimcha xarajatlar va real savdoda kutilmagan darajada yuqori bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa to‘lovlar kiradi. Ushbu xarajatlar, ayniqsa, strategiya ko‘plab savdolarni amalga oshirishni nazarda tutsa, foydani sezilarli darajada kamaytirib yuborishi mumkin.
7. Tashqi omillar va «qora oquvlar»ga yetarlicha baho bermaslik
“Qora oqqushlar” deb ataladigan tashqi kutilmagan voqealar real savdoda muhim rol o‘ynashi mumkin: iqtisodiy inqirozlar, siyosiy beqarorlik, bozor tartibga solinishidagi keskin o‘zgarishlar va boshqalar. Ular bozor sharoitlarini kutilmaganda o‘zgartirib yuborishi va yirik miqdordagi yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hodisalar bektesting jarayonida kamdan-kam hisobga olinadi, chunki ularning chastotasi va ta’sirini modellashtirish qiyin. Demo hisoblar ham «qora oqqush» voqealarining real hayotdagi oqibatlarini to‘liq aks ettira olmaydi.
Xulosa
Demo hisobda muvaffaqiyatli savdo va ijobiy bektesting natijalari strategiyaning salohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Biroq real bozor nafaqat yaxshi sinovdan o‘tgan strategiyani, balki yuqori psixologik barqarorlikni, sharoitlarga moslashish qobiliyatini, barcha xarajatlarni hisobga olishni va kutilmagan hodisalarga tayyor turishni ham talab qiladi. Real hisobda muvaffaqiyatli savdo qilish uchun treyder yuqorida ta’riflangan barcha omillarni hisobga olishi va ularning ta’siriga tayyor bo‘lishi kerak. Bu esa vaqt, tajriba va qat’iy intizomni talab qiladi.

